Toshkent davlat transport universiteti kasaba uyushma qo‘mitasi raisi
Xolboyev Ilyos Abdijabborovich
Tel: 71 299-00-22, 93 524-48-04
Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 59-moddasi.
Saylangan kasaba uyushma qo‘mitasi orqali muassasaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqilishida bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Kasaba uyushma tashkiloti hamda ish beruvchi o‘rtasida imzolanadigan “Jamoa shartnomasi”ga o‘z takliflaringizni berishingiz, imzolangan “Jamoa shartnomasi” orqali qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar olish huquqidan foydalanishingiz mumkin.
Ish beruvchi va kasaba uyushma tashkiloti rahbari tomonidan har yili “Jamoa shartnomasi”da nazarda tutilgan imtiyozlardan xodimlarning to‘liq foydalanishi bo‘yicha mehnat jamoasiga beradigan hisoboti bilan bevosita tanishib borasiz.
Mehnatingizga munosib haq olishingiz uchun barcha choralar ko‘riladi, ish haqingizning o‘z vaqtida to‘lab borilishi kasaba uyushma tashkilotining doimiy jamoatchilik nazoratida boʼladi.
Mehnat munosabatlariga oid barcha masalalar, ish beruvchi tomonidan mehnat qonunlariga rioya etilishi, mehnat taʼtillarining o‘z vaqtida berilishi va boshqalar bo‘yicha kasaba uyushmalarining yuridik xizmati xodimlari sizga bepul maslahatlar beradi, zarur hollarda, sizning huquq va manfaatlaringizni davlat boshqaruvi organlarida bepul himoya qiladi.
Kasaba uyushmasi siz uchun bexatar va qulay mehnat sharoitlari yaratib berilishiga, ish joyingizda salomatligingizga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan zarurli omillar bo‘lmasligiga, jamoa shartnomasiga muvofiq maxsus kiyim-bosh, poyafzal, qonunchilikda belgilangan hollarda esa maxsus va parhez taomlar bilan taʼminlanishingizga doimiy ravishda harakat qiladi.
Ish beruvchi mablag‘i hisobidan belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishingiz masalasi kasaba uyushma qo‘mitasining doimiy nazoratida bo‘ladi.
Baxtsiz hodisa va kasb kasalliklariga chalinishlardan ish beruvchi hisobidan majburiy sug‘urta qilinasiz, yetkazilgan zarar uchun tovon pullarini olishingiz kafolatlanadi.
Kasaba uyushmasi muntazam ravishda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tib borishingiz, o‘qitilishingiz hamda malaka oshirishingizga ko‘maklashib boradi.
Kasaba uyushmalari tizimidagi istalgan sanatoriyda belgilangan muddatda imtiyozli ravishda dam olishingiz va o‘z salomatligingizni tiklashingiz mumkin.
Farzandlaringizni bolalar yozgi oromgohlarida imtiyozli yoki bepul dam oldirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Kasaba uyushmalari tizimidagi yoki ularga foydalanish uchun berilgan madaniy-maʼrifiy va sport muassasalarida madaniy, intellektual salohiyatingizni oshirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Sizga har yili turli yo‘nalishlarda tashkil etiladigan aksiya, ko‘rik-tanlov, musobaqa, oilaviy va jamoaviy spartakiadalarda qatnashish, teatr va konsertlarga imtiyozli chiptalarni olish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Mamlakatning turli tarixiy shaharlariga, diqqatga sazovor maskanlariga imtiyozli narxlarda sayohatlarga borishingizga imkoniyat yaratiladi.