O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent davlat transport universitetidagi boshlang‘ich tashkiloti to‘g‘risida
NIZOM
Umumiy qoidalar
- Mazkur nizom O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent davlat transport universitetidagi boshlang‘ich tashkiloti faoliyatini tartibga soladi.
- O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent davlat transport universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti (keyingni o‘rinlarda boshlang‘ich tashkilot deb yuritiladi) Ittifoqning maqsad-vazifalarini Toshkent davlat transport universitetidagi talabalar va yosh o‘qituvchilarning o‘z atrofida birlashtiradigan, ularning manfaatlari va huquqlarini himoya qiladigan quyi tuzilma hisoblanadi.
- Boshlang‘ich tashkilot Yoshlar ittifoqi maqsad-vazifalariga xayrixoh bo‘lgan kamida Toshkent davlat transport universitetining besh nafar yoshlarining tashabbusi bilan tuziladi hamda Ittifoqning mahalliy kengashlari tomonidan ro‘yxatga olinadi.
- Boshlang‘ich tashkilot Toshkent davlat transport universiteti O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faoliyatini amalga oshiradi.
- Toshkent davlat transport universitetdagi boshlang‘ich tashkilot o‘zi joylashgan hududdagi Ittifoqning mahalliy kengashlariga birlashadi.
- Boshlang‘ich tashkilot yoshlar yetakchisi va yetakchilar kengashi aʼzolari faoliyat yo‘nalishi hamda yoshlarning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda, Ittifoqning mahalliy va hududiy kengashlari qoshida o‘z tashkilotlari (uyushmalar, markazlar, klublar, to‘garaklar va boshqalar)ni tuzish tashabbusini bildirish yoki mavjud tashkilotlarga ixtiyoriy qo‘shilishi mumkin.
- Boshlang‘ich tashkilot faoliyati O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tegishli mahalliy kengashlari hamda Toshkent davlat transport universiteti tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
- Boshlang‘ich tashkilot o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi qonun hujjatlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Ustavi, oliy taʼlim muassasasi faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda mazkur Nizom asosida amalga oshiradi.
II.Boshlang‘ich tashkilotning maqsad va vazifalari
- Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi universitetda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun munosib sharoit yaratib berishga ko‘maklashish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda har tomonlama barkamol shaxslar bo‘lib yetishga munosib hissa qo‘shishdan iborat.
- Boshlang‘ich tashkilot o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘yadi:
– yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ongiga milliy istiqlol g‘oyasi, milliy qadriyatlar, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va oilaviy qadriyatlarni chuqur singdirish;
– yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan fuqarolik huquq va burchlarini anglatish, ularga mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik va huquqiy islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish;
– Toshkent davlat transport universitetdagi yoshlarining muammolari, taʼlim sifati, fanlarni o‘zlashtirish darajasi, davomati, darsliklar va kutubxonadan foydalanish darajasini o‘rganib borish, yoshlar murojaatlarini ko‘rib chiqish va hal etishda ko‘maklashish;
– yoshlarning chuqur bilim olishi, chet tillarini o‘rganishi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashi hamda ularni kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish;
– isteʼdodli yoshlarni kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan amalga oshirish, intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashadigan klub va to‘garaklar faoliyatini tashkil etish;
– imkoniyati cheklangan hamda maxsus ehtiyojli yoshlarning inkluziv taʼlim olishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan ishlarni qo‘llab-quvvatlash;
– notinch oila farzandlari, tarbiyasi og‘ir va nosog‘lom muhitga tushib qolgan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi hamda darslarni muntazam qoldirib kelayotgan talabalarni taʼlim jarayoniga qaytarish, qizlar o‘rtasida erta nikohlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borish;
– yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;
– yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;
– yoshlarda “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi zararli illatlar, axborot xurujlari, diniy aqidaparastlik, missionerlik va ekstremistik g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish;
– Toshkent davlat transport universitet yoshlari turizmini rivojlantirish, ularning o‘zlari yashayotgan hududdagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar, muzeylar, teatrlar, mustaqillik davrida barpo etilgan inshootlarga tashrifini uyushtirish;
-yoshlar, ayniqsa, qiz bolalar o‘rtasida sportni keng targ‘ib etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va turli sport musobaqalarida ishtirok etish uchun zarur sharoitlarni yaratib berish;
– yoshlarga tibbiy madaniyat, xususan, kasalliklardan himoyalanish yo‘llarini keng tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish;
– yoshlar o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish orqali ularda ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash.
III. Boshlang‘ich tashkilotning huquq va majburiyatlari
- Boshlang‘ich tashilotning huquqlari quyidagilardan iborat:
– Toshkent davlat transport universitet yoshlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o‘quv, tarbiya va boshqa jarayonlarda ishtirok etish, masʼul xodimlar va o‘qituvchilardan zarur maʼlumotlarni olish hamda nazorat qilish;
– Toshkent davlat transport universitetdagi darslar sifati, o‘qituvchilar saviyasi va talabalar bilan munosabati, shuningdek, kutubxona, sport obʼektlari faoliyatini o‘rganish, reydlar, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;
– Toshkent davlat transport universitetdagi yoshlarning muammolari, taklif-tashabbuslari yuzasidan Toshkent davlat transport universitetdagi rektori va yuqori tashkilotlarga takliflar kiritish;
– nizomda belgilangan tartibda Toshkent davlat transport universitetda qo‘shimcha tuzilmalarni tashkil etish;
– faoliyatga doir maʼlumotlarni tarqatish va targ‘ib etish;
Boshlang‘ich tashkilot tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanish.
IV.Boshlang‘ich tashkilotning tashkiliy tuzilishi
- Boshlang‘ich tashkilotning tashkiliy tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
– yoshlar yetakchisi saylovi;
– umumiy yig‘ilishi;
– yoshlar kengashi (yoshlar yetakchisi, yoshlar kengashi yetakchilari);
– fakultet yoshlar kengashi;
– guruh yetakchisi;
– talabalar turar joyi, mehnat jamoasidagi yetakchi;
– boshlang‘ich tashkilot qoshidagi tuzilmalar (to‘garaklar, klublar va boshqalar).
- Yoshlar yetakchisining saylovi har o‘quv yili boshi (sentyabr oyi)da o‘tkaziladi.
- Umumiy yig‘ilish faoliyati tartibi:
– ittifoq boshlang‘ich tashkilotning rahbar organi hisoblanadi;
– umumiy yig‘ilish har chorakda bir marta o‘tkaziladi;
– umumiy yig‘ilishda yoshlar kengashi, fakultet kengashi, guruh yetakchilari va Ittifoq aʼzolari ishtirok etadi.
- Yoshlar kengashining faoliyati tartibi:
– yoshlar kengashi ijrochi organ bo‘lib, boshlang‘ich tashkilot maqsad-vazifalari va rejalarining to‘liq bajarilishini taʼminlaydi;
– yoshlar kengashi tarkibi yoshlar yetakchisi saylangandan keyin o‘tkaziladigan dastlabki umumiy yig‘ilishda yoshlar yetakchisi tomonidan eʼlon qilinadi;
– yoshlar kengashi faoliyatiga yoshlar yetakchisi rahbarlik qiladi.
- Yoshlar kengashini shakllantirish tartibi:
– yoshlar kengashi Yoshlar ittifoqining o‘zini-o‘zi boshqaruvchi organi hisoblanadi;
– yoshlar kengashi fakultet va institut miqyosida saylanadi hamda faoliyat olib boradi;
– guruhlarda faqat 1 (bir) nafar yoshlar yetakchisi faoliyat olib boradi.
- Yoshlar kengashi aʼzolari muassisning Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlangan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega.
- Yoshlar yetakchisi lavozimiga ko‘rilayotgan nomzodlar:
– 35 (o‘ttiz besh) yoshdan oshmagan, yoshlar bilan ishlash amaliyotiga ega;
– yetakchilik qobiliyati, notiqlik mahorati, tashabbuskorlik va fidoyilik xususiyatlariga;
– boshqaruv qobiliyati, tashkilotchilik, jamoat bilan ishlash va ish yuritish bo‘yicha bilim-ko‘nikma hamda muayyan ish tajribasiga;
– zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ishlash bo‘yicha malaka;
– yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsir qiluvchi buzg‘unchi g‘oya va mafkuralar, maʼnaviy tahdidlar, zararli illatlar haqida yetarli tasavvurga;
– mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga oid davlat siyosati va taʼlim-tarbiya jarayoniga doir meʼyoriy-huquqiy hujjatlar hamda Yoshlar ittifoqi faoliyat tartibi to‘g‘risida to‘liq maʼlumotga ega bo‘lishi lozim.
- Yoshlar yetakchisining faoliyat tartibi:
– yoshlar yetakchisi boshlang‘ich tashkilot faoliyatining samarali tashkil etilishini muvofiqlashtiradi, fakultet yoshlar kengashlari va guruh yoshlari yetakchilari faoliyatiga rahbarlik qiladi, tizimdagi yetakchilar faoliyatiga rahbarlik qiladi, tizimdagi barcha yetakchilik faoliyatiga uslubiy ko‘mak ko‘rsatadi, aʼzolarning taklif-tashabbuslarini qo‘llab quvvatlaydi;
– yoshlar yetakchisi Yoshlar ittifoqining Toshkent temir yo‘l muhandislari institutidagi boshlang‘ich tashkiloti faoliyatiga rahbarlik qiladi;
– Toshkent davlat transport universiteti yoshlarining huquq va manfaatlarini himoya qiladi;
– yoshlar masalalariga oid davlat qarorlari va dasturlari ijrosini taʼminlaydi;
– boshlang‘ich tashkilot faoliyatini tashkil etadi va uning nomidan ish yuritadi;
– boshlang‘ich tashkilot tarkibidagi to‘garaklar, klublar va boshqa tuzilmalar ishini boshqaradi;
– yuqori tashkilotlar va Toshkent davlat transport universiteti rahbariga boshlang‘ich tashkilot faoliyati yuzasidan so‘ralgan maʼlumot, axborot va hisobotlarni taqdim etib boradi;
– boshlang‘ich tashkilot uchun belgilangan nomenklatura asosida ish yurititadi, yuqori tashkilotlar rahbarlari va Toshkent davlat transport universiteti rektori topshiriqlarining bajarilishini taʼminlaydi;
– boshlang‘ich tashkilot uchun ajratilgan xona, moddiy-texnik vositalar va mablag‘lardan maqsadli foydalanishni taʼminlaydi.
- Yoshlar yetakchisi Toshkent davlat transport universitetining barcha Kengashlari va yoshlar masalalariga oid boshqa komissiyalarga aʼzo sifatida kiritiladi.
- Yoshlar yetakchisi Ittifoqning mahalliy kengashi va Toshkent davlat transport universiteti rektoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadi.
- Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini tashkil etish uchun guruhlar, talabalar turar joylari va mehnat jamoasida yoshlar yetakchisi faoliyat yuritadi.
- Boshlang‘iya tashkilot qoshidagi tuzilmalar (to‘garak, klub va boshqa)ga Toshkent davlat transport universitetning tegishli mutaxassislik bo‘yicha o‘qituvchi-pedagoglari jalbd etiladi hamda ularning faoliyati yoshlar yetakchisi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
V.Yoshlar yetakchisini saylash
- Yoshlar yetakchisi saylovi Toshkent davlat transport universiteti talabalari, yosh xodimlarning umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
- Yoshlar yetakchisi Toshkent davlat transport universitetning talabalari va yosh professor-o‘qituvchilari orasidan saylanadi.
- Yoshlar yetakchisi lavozimiga nomzod hujjatlarini har o‘quv yilining 10 sentyabr kuniga qadar Toshkent davlat transport universitet rahbariyatiga taqdim etadi.
- Nomzodlarga saylovoldi tashviqoti olib borish uchun 10 kun (o‘n kun) muddat (11-sentyabrdan 20-sentyabrgacha) beriladi. Nomzodlar bu vaqt oralig‘ida saylovchilarni o‘z dasturlari bilan tanishtiradi.
- Yoshlar yetakchisi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish ochiq va oshkora tarzda amalga oshiriladi.
- Saylovoldi tashviqoti saylov kunidan bir kun oldin to‘xtatiladi.
- Saylovlar 22 yoki 23-sentyabr kuni soat 8:00 dan 18:00 gacha o‘tkaziladi.
- Saylovda saylovchilarning nisbatan ko‘p ovozini to‘plagan nomzod yoshlar yetakchisi etib saylangan hisoblanadi.
- Yoshlar yetakchisi saylov o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shuningdek, agar yoshlar yetakchisi saylovida bitta nomzod ishtirok etgan bo‘lsa va u zarur miqdorda ovoz to‘play olmagan bo‘lsa, takroriy saylov o‘tkaziladi. Takroriy saylov ushbu Nizomda asosiy saylovni o‘tkazish uchun belgilangan tartibda hamda undagi shartlarga rioya etilgan holda o‘tkaziladi.
Takroriy saylov saylov o‘tkazilganidan keyin 10 (o‘n kun) kun ichida o‘tkaziladi.
- Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o‘tayotganini yoritib borishi mumkin.
- Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish joylarida va ovoz hisoblash jarayonida matbuot, televideniye va radio vakillari qatnashish huquqiga ega.
- Yoshlar yetakchisi saylovi kunlari to‘g‘risidagi axborot saylov kunidan kechiktirmay eʼlon qilinadi.
VI.Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash
- Toshkent davlat transport universiteti tomonidan boshlang‘ich tashkilot alohida xona, ish stoli va stullar, javonlar, kompyuter jamlanmasi, printer, proektor, ekran, raqamli fotoapparat, flipchart hamda zaruriy devonxona mollari bilan taʼminlanadi.
- Boshlang‘ich tashkilotning ish rejasida belgilangan chora-tadbirlar Toshkent davlat transport universitetning ish rejasiga kiritiladi.
- Boshlang‘ich tashkilot faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, uslubiy qo‘llanmalar va tarqatma materiallar bilan Yoshlar ittifoqi tomonidan taʼminlanadi.
VII. Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini to‘xtatish
- Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini to‘xtatishga asosli sabablar bo‘lsa, uning faoliyati umumiy yig‘ilish qarori bilan o‘rnatilgan tartibda tugatiladi.