“KITOB – BEMINNAT USTOZ, BILIM VA MA’NAVIY
YUKSALISHGA ERISHISHNING ENG ASOSIY MANBAI”.
Alisher Navoiy
Kitob mutolaa qilish — inson ongini, dunyoqarashini, insonlarning bir-biriga bo‘lgan munosabati, muomala madaniyati hamda o‘z bilimini boyitadigan eng muhim vosita hisoblanadi. Shu boisdan Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, yosh avlodni mutolaaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida Avtomobil yo‘llari muhandisligi fakulteti dekani A. O‘roqov tashabbusi bilan joriy yilning 19-20 oktabr kunlari “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai” mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Avtomobil yo‘llari sohasida ko‘p yillik mehnat tajribasiga ega, sohaga oid ko‘plab yaratilgan adabiyotlar mualliflari faxriy professor-o‘qituvchilar Q.H. Azizov, I.S. Sodiqov, А.А. Ishanxodjaev, B.J. Salimova, A.H. O‘roqov, R.M. Xudoyqulov, D.A. Mahmudova, A.G. Yunusov, A.B. Axmedov, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan faxriy ustozlar o‘zlarining hayotiy tajribalari, erishgan muvaffaqiyatlari sirlari albatta kitobga bo‘lgan mehr, kitob mutolaasi, tinimsiz o‘qish va izlanishda deb bilishlarini ta’kidlashdi, o‘zlarining muallifligida chop etilgan adabiyotlar orttirilgan amaliy-ilmiy bilim va tajribalar asosida yaratilganligi xususida to‘xtaldilar.
Shuningdek, tadbir tashkilotchilari tomonidan talabalar o‘rtasida “Viktorina savollari” tanlovi o‘tkazilib, sovrindorlar faxriy professor-o‘qituvchilar tomonidan taqdim etilgan adabiyot va darsliklar bilan taqdirlandilar.
Kun davomida talaba-yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, ularning mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish va yangi chop etilayotgan adabiyotlar bilan tanishtirib borish hamda rag‘batlantirish maqsadida soha doirasida yangi chop etilgan “Kitoblar ko‘rgazmasi” talabalar e’tiboriga havola etildi.
Fakultet dekan muovini
Tojinur Po‘latova