Universitet Maqsud Shayxzoda nomidagi o‘quv zalida adib ijodiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga “Saodat” jurnalining bosh muharriri, “Shuhrat” medali sovrindori, shoira Munavvara Usmonova, adabiyotshunos olim Rahimboy Jumaniyozov, Mirobod tumani 154-maktab badiiy rahbari “Xalq maorifi a’lochisi” Dilmurod Mirzayevlar tashrif buyurdi.
Tadbirni universitet “O‘zbek (rus) tili” kafedrasi mudiri Vazira Xasanova ochib berdi: “M.Shayxzoda tavalludining 113 yilligi munosabati bilan kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan yil davomida o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Bugun ertalabdan universitet jamoasi bilan Chig‘atoy qabristonida shoirni yod etdik. So‘ng Adiblar xiyobonida adabiyotshunos olimlar: Ortiqboy Abdullayev, Shermatilla Yusupov, Anadjan Baltayevalarning mazmunli ma’ruzalari tingladik. Maqsud Shayxzoda hayoti va ijodini keng targ‘ib qilish -yoshlarimiz uchun ma’rifiy saboq bo‘lmoqda”.
Adabiyotshunos olim Rahimboy Jumaniyozov O‘zbekistonda shoirning 30ga yaqin she’riy to‘plamlari “Mirzo Ulug‘bek”, “Jaloliddin Manguberdi” kabi dramalari, jahon adabiyoti bo‘stonida o‘ziga xos ovozga ega bo‘lgan “Toshkentnoma” kabi dostoni yaratilganligi, Shota Rustaveli, Pushkin, Shekspirdek jahon klassiklarining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon”, “Motsart va Salyeri”, “Romeo va Julyetta” asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girganligi haqida ma’lumotlarni qayd qilib o‘tdi. Jumladan,
- Do‘stlar, yaxshilarni avaylab asrang!
“Salom” degan so‘zning salmog‘in oqlang!
O‘lganda yuz soat yig‘lab turgandan,
Uni tirigida bir soat yo‘qlang! –
ruboiysi bayramlarimizda, to‘y-hashamlarimizda doimo aytiladigan she’rga aylangan”, — dedi.
“Yuragimdasan, Vatan”, “Bunday elni qaydan topasan?”, “Diydor”, “Sog‘inch”, “Keragimsan” kabi o‘nlab she’riy to‘plamlari bilan xalq qalbidan joy ola bilgan shoira Munavvara Usmonova o‘qigan she’rlar universitet talabalari xotirasiga muhrlandi.
Badiiy-ijodiy kechaga 154-maktab qizlari ijro etgan Maqsud Shayxzodaning “Ozarbayjon” qo‘shig‘i, 1-bosqich universitet talabasi Nozanin Ne’matovaning “Dutor nolasi” kuyi, 3-bosqich talabasi Angelina Lyaxovaning “Qoshlari qoradir” raqsi alohida fayz bag‘ishladi.
Universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Dilshod Baratov tadbirni yakunlar ekan, “O‘zbek (rus) tili” kafedrasi professor-o‘qituvchilariga tashakkur bildirib, bunday tadbirlar talaba-yoshlarga ajdodlarimiz xotirasini muqaddas bilishdek qadriyatlarni singdirishda katta ahamiyatga egaligini ta’kidladi.
Tadbir tashkilotchilari: f.f.n.
O.R.Iskandarova, M.J.Abdullayeva,
L.U.Xalikova.