Faollar zalida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” mavzuida uchrashuv o‘tkazildi.
Yoshlar orasida ekstremizm g‘oyalariga berilishining oldini olish hamda ularni ilmu-fan va kasb-hunarga qiziqtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i I. Maʼrupov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori F. Muxiddinova, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi bosh mutaxassisi U. Sultonov, IIB mas’ul xodimi A. Karimovlar so‘zga chiqdilar.
Hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning turli joylarida ro‘y berayotgan iqtisodiy va ijtimoiy axborot-kommunikatsiya manzarasidagi chuqur o‘zgarishlar, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har qanday kasallikning oldini olish uchun avvalo kishi organizmida unga qarshi kurashuvchi immunitet hosil qilinadi, shunday ekan yoshlar ongida ham ona Vatanimizga bo‘lgan muhabbatni, qadimiy boy tariximizga, ota-bobolarimiz kabi o‘z dinimizga sadoqat tuyg‘ularini yanada shakllantirishimiz, kelajak avlodlarga yetkazib, kerak bo‘lsa ularning ongida va qalbida mafkuraviy, ma’naviy immunitetni kuchaytirishimiz muhim o‘rin tutadi. Butun dunyoda pandemiya davridagi siyosat va bizning davlatimiz tomonidan yoshlar masalasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi ishlar ham transport universiteti talaba-yoshlari bilan bog‘liq. Tadbirda so‘zga chiqqanlar anashular haqida batafsil to‘xtaldi.
— XXI asr axborot asri bo‘lib, hozirgi davr avlodi globallashuv jarayoni shiddatli tus olgan zamonda yashayapdi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Ilhom Ma’rupov. — Aynan yosh avlod turli ko‘rinishdagi g‘oyaviy xurujlar nishoniga aylangani ham hech kimga sir emas. Ekstremistik ruhdagi oqimlar, missionerlar harakati, “ommaviy madaniyat” targ‘ibotchilari yosh avlod ongiga sof islom dini ta’limotiga zid aqidalarni singdirish uchun harakatini davom ettirmoqdalar. Imkon qadar yoshlar o‘zimizning ulamolar ma’ruzalarini eshitishlarini, savollari bo‘lsa mutaxassislarga murojaat qilishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim.
Uchrashuv so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.